UZ: TAHLILIY HISOBOTLAR

O‘zbekiston sanoatini modernizatsiyalash va eksport raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar

Kirish

Ishlab chiqarish sohasi iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, texnologik taraqqiyot va uzoq muddatli raqobatbardoshlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Bugungi kunda global qiymat zanjirlari yanada integratsiyalashgan va texnologiyaga asoslangan holda o‘rta va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishdabarqaror o‘sishga intilayotgan mamlakatlar uchun juda muhimdir. Jahonda yuqori texnologiyalar eksporti ulushining 2015-yildagi 19,1 foizdan 2023-yilda 22,9 foizga o‘sishi ushbu tendensiyaning ifodasi bo‘lib, jahon savdosida texnologiyalar rolining ortib borayotganligidan dalolat beradi. O‘rta daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 21,1 - 24,4 foiz oralig‘ida o‘zgarib turadi. va 2020-yilda eng yuqori cho‘qqiga chiqqan bo‘lsa, 2023-yilga kelib 21,1% gacha pasaygan, bu esa bozorning to‘yinganligi va texnologik modernizatsiya sur’atlarining sekinlashganligidan dalolat berishi mumkin. Yuqori texnologiyali eksportning eng yuqori ulushi o‘rtachadan yuqori daromadli mamlakatlarda qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2020-yilda 25,2 foizni va 2023-yilda 22,1 foizni tashkil etgan. Bunday holat, ehtimol, texnologik jihatdan rivojlangan sohalarda ishlab chiqarish hajmining oshishi bilan bog‘liq.

So‘nggi yigirma yil ichida rivojlanayotgan mamlakatlarning sanoatni modernizatsiya qilish yo’lidagi innovatsion siyosati hamda eksportga yo‘naltirilgan o‘sish strategiyalari iqtisodiy o’sishni sezilarli darajada oshirishi mumkinligini ko‘rsatdi. Gruziya, Qozog‘iston, Indoneziya, Filippin va Vyetnam kabi davlatlar o‘zlarining qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish va yuqori texnologiyali eksport ulushini oshirish uchun sanoat siyosati, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va savdo integratsiyasidan muvaffaqiyatli foydalanganlar. Shu sababli, mazkur tajriba O‘zbekiston uchun sanoatni modernizatsiya qilish, texnologik innovatsiyalarni joriy etish va eksport raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan siyosatni shakllantirishda juda muhimdir.

O‘zbekistonda sanoat va iqtisodiy islohotlar jadal rivojlanayotgan bo‘lsa-da, qayta ishlash sanoati hali ham asosan quyi va o‘rta texnologiyali ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan. Buning ustiga, u yuqori qo‘shilgan qiymatli global ta’minot zanjirlariga cheklangan darajada integratsiyalashgan. O‘rta va yuqori texnologiyali eksportga yo‘naltirilgan barcha o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, O‘zbekistonning qayta ishlash sohasining texnologik tuzilishini baholash, raqobatbardosh ustunliklarni aniqlash va yuqori texnologiyali tarmoqlar ulushini oshirish imkoniyatlarini o‘rganish zarur.

Ushbu tahliliy sharhda 2015-2023-yillar oralig‘ida O‘zbekistonning qayta ishlash sektorida ishlab chiqarish va eksportning texnologik tarkibi mamlakat darajasida hamda Gruziya, Qozog‘iston, Indoneziya, Filippin va Vyetnam kabimamlakatlar bilan qiyosiy tahlil qilindi. Shuningdek mazkur tahlil O‘zbekiston qayta ishlash sanoatida qo‘shilgan qiymatni qanday oshirish, eksport tarkibini yaxshilash, sanoat siyosati va iqtisodiy taraqqiyot sohasidagi ilg‘or xorij xorij tajribasi asosida rivojlantirish bo‘yicha xulosalarni nazarda tutadi.

O‘zbekiston ishlab chiqarish sanoatining texnologik tarkibi tahlili

2015-2023-yillarda O‘zbekiston ishlab chiqarish sanoati o‘zining texnologik tarkibida sezilarli o‘zgarishni boshdan kechirdi. Ishlab chiqarish sanoatining texnologik tarkibini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, 2015-yildan boshlab yuqori texnologiyali va o‘rta-yuqori texnologiyali tarmoqlarning umumiy ulushi 20,7% dan 26,2% gacha oshdi, bu asosan o‘rta-yuqori texnologiyali sanoatning o‘sishi bilan bog‘liq. Aksincha, yuqori texnologiyali sektorning ulushi 2021-yilda 2,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, xuddi shu davrda 1,7 foizdan 1,4 foizga biroz kamaydi. 2023-yilda qayta ishlash sektorining keyingi tarkibiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, farmatsevtika sanoati O‘zbekistonda yuqori texnologiyali sektorni rivojlantirishning asosiy omiliga aylandi (51,4%), o‘rta va yuqori texnologiyali sektor esa asosan kimyo sanoati (24,5%), mashina hamda uskunalar ishlab chiqarish (55,7%) hisobiga shakllandi. Ushbu yaxshilanishlarga qaramay, O‘zbekiston sanoat ishlab chiqarishining sezilarli qismi hali ham o‘rta - quyi texnologiyali (37,5%) va quyi texnologiyali (36,3%) sohalarda to‘plangan.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Statistika agentligi

O‘zbekistonning eksport tarkibi 2015-2023-yillar oralig‘ida sezilarli o‘zgarishlarga uchradi. 2023-yilda texnologik eksport mamlakat umumiy eksportining 40,7 foizini tashkil etdi, bu esa 2015-yildagi 53,8 foizdan 13,1 foiz punktga kamayganini ko‘rsatadi. Ushbu o‘zgarish xomashyo eksportiga bog‘liqlikning ortib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, texnologik eksport tarkibini chuqurroq tahlil qilsak, yuqori texnologiyali mahsulotlar atigi 2,6 foizni (umumiy eksportning 1,1 foizi), o‘rta-yuqori texnologiyali mahsulotlar 16,4 foizni (umumiy eksportning 6,7 foizi), o‘rta-quyi texnologiyali mahsulotlar 32,9 foizni (umumiy eksportning 13,4 foizi) va quyi texnologiyali mahsulotlar esa eng ko‘p ulushni, ya’ni 48,1 foizni (umumiy eksportning 19,6 foizi) tashkil etdi.

2023-yil davomida O‘zbekistonning umumiy eksporti taxminan 24,4 milliard dollarni tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 23,8 foizga oshdi. Bunday o‘sishga qaramay, quyi va o‘rta-quyi texnologiyali tovarlarning salmoqli ulushi hamon murakkab bo‘lmagan mahsulotlarga bog‘liqlik saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Yuqori texnologiyalar eksporti ulushining 2015-yildagi 1,7 foizdan 2023-yilda 1,1 foizgacha pasayishi yuqori texnologiyalar sohasini rivojlantirishdagi muammolarni yaqqol namoyon etadi. Biroq, o‘rta-yuqori texnologiyali sektor, asosan kimyo va mashinasozlik kabi sanoat tarmoqlari hisobiga, shu davr mobaynida 19,0 foizdan 24,8 foizgacha o‘sish ko‘rsatdi.
Namunaviy mamlakatlar (Filippin, Vyetnam, Indoneziya, Qozog‘iston, Gruziya) bilan qiyosiy tahlil

O‘rganilayotgan mamlakatlar bilan qiyosiy tahlil o‘tkazilganda, 2015-2021 yillar oralig‘ida O‘zbekistonning o‘rta va yuqori texnologiyali sanoat ishlab chiqarish qo‘shilgan qiymati o‘zgaruvchan bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2018 yilda eng yuqori nuqta - 23,1 foizga yetdi, so‘ngra 2021 yilga kelib 18,1 foiz darajasida barqarorlashdi. Ushbu natija O‘zbekistonni Filippin va Vyetnam kabi mintaqaviy yetakchilardan ortda qoldirmoqda. Filippin 2017-yilda 46,4 foizga erishib, 2021-yilda 41,8 foizni saqlab qoldi. Vyetnam esa 2013-yildagi 29,8 foizdan 2021-yilda 39,9 foizgacha izchil o‘sishni qayd etdi. Indoneziya ham bu davrda 31 foizdan 37 foizgacha bo‘lgan ko‘rsatkichlar bilan mustahkam sanoat bazasini namoyish etdi. O‘zbekiston ko‘rsatkichlariga yaqinroq bo‘lgan Qozog‘iston 16,9 foiz, Gruziya esa 14,2 foiz ulushni qayd etdi, biroq ikkala mamlakat ham yillar davomida juda oz o‘sishni ko‘rsatdi. Ushbu raqamlar O‘zbekistonni past ko‘rsatkichli mamlakatlar orasida o‘rta o‘ringa qo‘yadi va Filippin hamda Vyetnam kabi o‘rganilayotgan davlatlar bilan taqqoslaganda sezilarli farq mavjudligini ko‘rsatadi.

Manba: Jahon banki ochiq malumotlari

2013-2021-yillar oralig‘ida Filippin va Vyetnam o‘rta va yuqori texnologiyali eksport sohasida eng sezilarli o‘sishni qayd etdi. Filippin o‘z ulushini 68,9 foizdan 79,9 foizgacha, Vyetnam esa 47,4 foizdan 58,3 foizgacha oshirdi. Ikkala mamlakat ham yuqori texnologiyali sanoatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, innovatsion siyosat va global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashuvdan foydalanishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga qarama-qarshi o‘laroq, Indoneziya yuqori texnologiyali eksportning cheklangan o‘sishi bilan o‘rtacha atigi 9,5 foizni tashkil etgan holda, 30 foiz atrofidagi nisbatan barqaror ulushni saqlab qoldi. Boshqa tomondan, Qozog‘iston va Gruziyada o‘rta va yuqori texnologiyali eksport pasayish tendensiyasini ko‘rsatdi. Gruziyaning ulushi 42,9 foizdan 28,9 foizgacha tushdi, biroq uning yuqori texnologiyali eksporti ozgina o‘sishni qayd etdi.

Biroq, O‘zbekistonning o‘rta va yuqori texnologiyali eksport ulushi sezilarli darajada pasayib, 2013-yildagi 36,7 foizdan 2021-yilda 28,1 foizga tushdi. Ushbu pasayishga qaramay, yuqori texnologiyali mahsulotlar eksporti sezilarsiz darajada - 1,5 foizdan 2,8 foizgacha o‘sdi, bu esa ilg‘or ishlab chiqarishda ma’lum yutuqlardan dalolat beradi. Eksportning kengroq texnologik tarkibining pasayishi tarkibiy muammolar, jumladan, past texnologiyali tarmoqlarga haddan tashqari bog‘liqlik, zaif innovatsion infratuzilma va global qiymat zanjirlariga cheklangan integratsiya mavjudligini ko‘rsatadi.
Yuqori texnologiyali mahsulotlar eksporti hajmi bo‘yicha O‘zbekiston qiyosiy mamlakatlar orasida eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda: 2023-yilda 2013-yildagi 2,5 foizga nisbatan minimal o‘sish bilan sanoat mahsulotlari eksportining atigi 2,8 foizi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Sanoatlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, yuqori texnologiyali eksportning turg‘unligi O‘zbekiston o‘zining eksport strategiyasida ilg‘or elektronika, farmatsevtika va aniq ishlab chiqarish kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli tarmoqlarni emas, balki boshqa tarmoqlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berayotganidan dalolat beradi. Aksincha, Filippin (64,0%) va Vyetnam (42,7%) kabi boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar o‘zlarining yuqori texnologiyali tarmoqlarini rivojlantirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, sanoat siyosati va global ta’minot zanjirlariga integratsiyadan muvaffaqiyatli foydalangan.

Nisbatan yaxshilanishga qaramay, O‘zbekistonning eksport tuzilmasida hamon past va o‘rta texnologiyali sanoat tarmoqlari ustunlik qilmoqda. Bu holat ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarga kiritilayotgan investitsiyalarning cheklanganligi hamda ilg‘or ishlab chiqarish qobiliyatlarining yetarli emasligi bilan izohlanadi. Bunga qarama-qarshi o‘laroq, Qozog‘iston (34,4%), Indoneziya (9,1%) va Gruziya (3,8%) yuqori texnologiyali eksportning ancha yuqori ulushini saqlab kelmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Qozog‘iston bo‘yicha ma’lumotlar 2017-yilgacha bo‘lgan davrda nomuvofiqliklarni ko‘rsatadi: bu davrda yuqori texnologiyali eksport ulushi o‘rta va yuqori texnologiyali eksportdan ortiq bo‘lgan. 2017-yildan boshlab ma’lumotlar yanada izchil ko‘rinsa-da, ularning ishonchliligi xususida shubhalar saqlanib qolmoqda. 2021-yilda o‘rta va yuqori texnologiyali eksportning ulushi 38,7 foizni, yuqori texnologiyali eksport esa 34,4 foizni tashkil etgan.

Manba: Jahon banki ochiq malumotlari

Xulosa

Ushbu tahlil 2015-2023-yillarda O‘zbekistonda ishlab chiqarish va xalqaro savdo nuqtai nazaridan texnologik rivojlanish holatini ko‘rib chiqadi. 2015-yildan boshlab O‘zbekiston ishlab chiqarish sanoati o‘zining texnologik tuzilmasini asta-sekin takomillashtirib bordi. Bu jarayon o‘rta-yuqori texnologiyali sektor ulushining o‘sishi va past texnologiyali ishlab chiqarishga bog‘liqlikning kamayishi bilan ifodalanadi. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston texnologik rivojlanish va ishlab chiqarish sohasida taqqoslanadigan mamlakatlardan ortda qolmoqda. O‘zbekistonning yuqori texnologiyali eksporti boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda va 2023-yilda ishlab chiqarilgan eksportning atigi 2,8 foizini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yillarga nisbatan juda oz miqdorda o‘sdi. Bunday sekin o‘sish tarkibiy to‘siqlarni, jumladan, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga investitsiyalarning kamligi, sanoat tarmoqlarining yetarlicha xilma-xil emasligi va global qiymat zanjirlariga integratsiyalashuvning cheklanganligi kabi muammolarni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Mamlakatlar bilan qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston yuqori texnologiyali ishlab chiqarish sektorini rivojlantirish yo‘lida hali uzoq masofani bosib o‘tishi lozim. Filippin (64,0%) va Vyetnam (42,7%) kabi mamlakatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, innovatsiyalarga yo‘naltirilgan sanoat siyosatini ishlab chiqish va kadrlar salohiyatini mustahkamlash orqali yuqori texnologiyali eksportni muvaffaqiyatli kengaytirganlar. Bu holat so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekistonni ushbu sohada ortda qoldirgan Qozog‘iston (34,4%), Gruziya (3,8%) va Indoneziya (9,1%) uchun ham xosdir. Biroq, maqsadli investitsiyalar, siyosiy islohotlar va innovatsiyalarga ko‘proq e’tibor qaratish orqali O‘zbekistonning qayta ishlash sanoati sezilarli darajada o‘zgarish imkoniyatiga ega. O‘zbekiston yuqori texnologiyali ishlab chiqarishga ustuvorlik berish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ishchi kuchi salohiyatini oshirish orqali o‘zining mintaqaviy raqobatchilari bilan oradagi farqni bosqichma-bosqich qisqartirishi va jahon bozorlarida raqobatbardosh o‘yinchi sifatida o‘zini namoyon etishi mumkin.

Hozirgi texnologik ishlab chiqarish manzarasini tahlil qilish natijasida quyidagi siyosiy tavsiyalar ishlab chiqildi. Ushbu tavsiyalar O‘zbekistonda o‘rta va yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish hamda global raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Birinchidan, sanoat va eksport siyosatini mustahkamlash yuqori texnologiyali firmalar va mahalliy kompaniyalarni texnologiyalar ishlab chiqarishni kengaytirishga rag‘batlantirish orqali yuqori texnologiyali eksport ulushini oshirishga yordam beradi. Sanoat siyosatini zamonaviy tendensiyalarga moslashtirish texnologik tafovutni bartaraf etishga va sanoat transformatsiyasini rag‘batlantirishga yordam beradi. Bundan tashqari, moliyaviy resurslarni ilg‘or ishlab chiqarish tarmoqlari foydasiga qayta taqsimlash orqali sanoat investitsiyalari tarkibini yuqori texnologiyali va yuqori qo‘shilgan qiymatli tarmoqlarga yo‘naltirish zarur.

Ikkinchidan, O‘zbekiston yuqori texnologiyali sohalarda xorijiy va xususiy investitsiyalarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida investitsiyalarni himoya qilish qonunlarini kuchaytirishi lozim. Bu jarayonda, yuqori texnologik eksport ulushiga ega rivojlangan mamlakatlar bilan ikki tomonlama investitsiyalarni himoya qilish shartnomalarini imzolash ko‘zda tutilgan. Bunday choralar investorlarning ishonchini oshirish va texnologiyaga asoslangan sohalarga ko‘proq sarmoya jalb qilishga xizmat qiladi.

Uchinchidan, O‘zbekiston texnologiya va innovatsiyalarni uzatish tarmoqlarini tashkil etish orqali ilmiy tadqiqotlar, ishlanmalar va tijoratlashtirish jarayonlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishi lozim. Bu tarmoqlar ilmiy doiralar, sanoat korxonalari va startaplar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirib, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va qo‘llashni tezlashtirishi, shuningdek, innovatsiyalarning ishlab chiqarishga tezkor joriy etilishini ta’minlashi kerak.

To‘rtinchidan, hukumat faol investitsiya siyosatini davom ettirishi, asosiy e’tiborni modernizatsiya, texnologik yangilanish va yangi yuqori texnologiyali korxonalarni tashkil etishga yordam beradigan ustuvor loyihalarga qaratishi zarur. Bu farmatsevtika, elektronika va aniq mashinasozlik sohalaridagi ilg‘or ishlab chiqarish quvvatlariga sarmoya kiritishni o‘z ichiga oladi hamda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yuqori texnologiyali mahsulotlarning ichki va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini ta’minlaydi.

Beshinchidan, O‘zbekiston ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun ko‘p millatli texnologik kompaniyalarni faol jalb etgan holda, erkin iqtisodiy zonalar va texnoparklarni qayta tiklashi lozim. Bundan tashqari, Germaniya, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi jahon texnologik yetakchilari bilan strategik sheriklikni rivojlantirish texnologiyalarni uzatish, bilim almashish va global ta’minot zanjirlariga qo‘shilishga yordam beradi. Bu, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash orqali O‘zbekistonning bilim va yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotga o‘tishiga xizmat qiladi.

Adabiyotlar ro‘yxati:

1.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi. URL: https://stat.uz/en/

2.Jahon banki ochiq ma’lumotlari. URL: https://data.worldbank.org/

3.BMTning savdo ma’lumotlar bazasi. URL: https://comtradeplus.un.org/

Mualliflar:

Dr. Ikboljon Kasimov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi “Ilmiy tadqiqotlar va grantlar” bo‘limi boshlig‘i;

Anton Kostyuchenko, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi “Yashil iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish” loyiha ofisi bosh mutaxassisi.